Qo'shrabot AgroStar haqida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 fevraldagi “Uzagrostar xolding” kompaniyasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi PQ–57-son qaroriga asosan, 2025 yil 28 may kuni “Qo‘shrabot Agro Star” loyiha ofisi MChJ tashkilotiga aylantirildi.
“Qo‘shrabot Agro Star” — uzum va mayiz yetishtirish, saralash, qadoqlash hamda eksportga tayyorlash bo‘yicha ixtisoslashgan kompaniya. Biz tomorqa egalari, dehqon va fermer xo‘jaliklari bilan hamkorlikda hosildorlikni oshirish va bozorga barqaror ta’minot yaratishga xizmat qilamiz.
I. Mavjud holat va amalga oshirilgan ishlar
- Qo‘shrabot tumani — Samarqand viloyatining janubi-g‘arbida, tog‘ oldi hududida joylashgan bo‘lib, iqlimi quruq va quyoshli kunlar ko‘p bo‘lgani sababli uzum va mayiz yetishtirish uchun eng qulay hududlardan biri hisoblanadi.
- Tuman hududida 12 ta mahalla, 10,8 mingta xonadon mavjud. Tomorqa yerlar maydoni — 586 gektar. Qo‘shimcha ravishda 2,6 mingta dehqon xo‘jaliklarida 1,3 ming gektar va 425 ta fermer xo‘jaliklarida 29,2 ming gektar yerlar mavjud.
- So‘nggi yillarda tuman tomorqalarida sabzavotchilik bilan bir qatorda uzumchilik yo‘nalishi ham jadal rivojlanmoqda. 12 mahalladan 5 tasida jami 320 gektar (200 gektar uzumzor va 120 gektar mayiz plantatsiyasi) barpo etildi.
- Hududning tabiiy sharoiti, suv manbalari va quyosh nuri miqdori uzum yetishtirish uchun qulay sharoit yaratadi. Ipakyo‘li, Bog‘bon, Yangidala, Toshkent va Zarafshon mahallalari uzum yetishtirishda yetakchi hisoblanadi.
- Sohaning ixtisoslashuvini chuqurlashtirish maqsadida jami 30 ta mahalla tanlab olingan bo‘lib, ular orasida Qo‘shrabot tumanidagi uzumchilik klasterlari ham mavjud.
Tashkiliy o‘zgarishlar va hamkorliklar
- “Uzagrostar Xolding” Kuzatuv kengashining 2025 yil 25 aprel kungi 5-son qaroriga binoan, “Qo‘shrabot Agro Star” MChJ ixtisoslashgan kompaniya sifatida qayta tashkil etildi.
- O‘zmilliybank bilan hamkorlikda Qo‘shrabot tumani Yangidala hududida Uzumchilik va Mayizchilik ilmiy-tadqiqot markazi bilan birga yangi nav uzum ko‘chatlari ekilib, “tajriba maydonchasi” tashkil etildi.
- Fermerlar uchun amaliy-seminarlar o‘tkazilib, uzumni parvarishlash, sug‘orish va hosilni quritish texnologiyalari bo‘yicha ko‘nikmalar berilmoqda.
- Qo‘shrabot tumanida ofis uchun bino va 5 gektar yer (jumladan 1 gektar issiqxona) tanlab olinib, unda ko‘chat yetishtirish, tuproq tahlili laboratoriyasi hamda fermerlar uchun o‘quv markazi tashkil etilmoqda. Rejalashtirilgan topshirish muddati — 2025 yil 1 noyabr.
Ilmiy yondashuv va xalqaro hamkorlik
- Ilmiy-tadqiqot instituti bilan hamkorlikda uzum va mayiz yetishtirish bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqilib, tomorqa egalari va fermerlarga tarqatildi.
- Samarqanddagi Silk Road Samarkand markazida o‘tkazilgan O‘zbekiston–Xitoy hududlararo forumida Xitoyning “QCC ShanHai Co. Ltd” kompaniyasi bilan yangi uzum navlarini sinovdan o‘tkazish, organik yetishtirish va eksportni oshirish bo‘yicha memorandum imzolandi.
- 2025 yil 12-iyun kuni Slovakiyaning “ROCOSAN” kompaniyasi bilan uzum va mayizni organik usulda yetishtirish hamda Yevropa bozorlariga eksport qilish bo‘yicha kelishuv imzolandi.
- Xitoydan olib kelingan yangi nav urug‘lar (uzumda Jin Tian №1, Jin Tian №3; mayizda Jin Mi F1, Zhong Yuan №1, Zhong Yuan №5) Qo‘shrabot tajriba maydonchasiga ekildi.
Natijalar
- 2025 yil 1-iyul holatiga ko‘ra, meva-sabzavot va uzum mahsulotlari eksporti rejalashtirilgan 2 053,8 mln AQSh dollaridan 2 058 mln AQSh dollariga yetdi (100,2%). Shundan “Qo‘shrabot Agro Star” MChJ va “Gagarin Impex” MChJ hamkorligida 1 390,4 mln AQSh dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Ishlab chiqarish zanjiri (yo‘l xaritasi)
- Iqlim va tuproq sharoitiga mos uzum navlarini tanlash, ko‘chat bazasini rivojlantirish va fermerlarga yetkazib berish. Qo‘shrabot tumani Yangidala mahallasidagi 5 gektar yer va 1 gektar issiqxona negizida ko‘chat bazasi tashkil etilib, kelgusida yiliga 5,0–7,0 mln dona uzum ko‘chatlari tayyorlanadi.
- Hosilni yig‘ish, mayiz tayyorlash, quritish va qadoqlash jarayonlari uchun zamonaviy texnologiyalar joriy etiladi hamda eksportga yo‘naltirilgan qayta ishlash markazi tashkil etiladi.






