Milliy brend yaratish – jahon bozorida mustahkam o‘rin egallashda muhim omil
07.08.2025, 18:09

Milliy brend yaratishning zarurati nimada?
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida meva-sabzavot va boshqa mahsulotlar yetishtirish bo‘yicha imkoniyat bisyor. Lekin xalqaro bozorda muvaffaqiyat qozonish uchun faqatgina hosildorlik va sifatning yuqori bo‘lishi yetarli emas. Mahsulot xaridorga ishonchli va tanish nom ostida taqdim etilishi lozim. Iste’molchicha qishloq xo‘jaligi mahsuloti ma’lum brend ostida taklif qilinsa va unga ma’qul bo’lsa, aynan ushbu mahsulotni takror xarid qiladi. Bu esa sotuvdagi barqarorlikni ta’minlaydi.
Sifat nima uchun ahamiyatli?
Milliy brend yaratishda mahsulot sifati — eng asosiy poydevor. Agar mahsulot sifati jahon talablariga va iste’molchining xohish-istaklariga mos kelmasa, hatto eng chiroyli brend nomi va reklama ham uzoq muddatli muvaffaqiyat keltirmaydi.
Brend ishonchini shakllantiradi. Xaridor birinchi navbatda mahsulotning sifati orqali brendga baho beradi. Sifatli mahsulot — doimiy mijoz va yaxshi obru keltiruvchi eng muhim jihat.
Qolaversa, bu jahon bozoriga kirish uchun shart. Xalqaro sertifikatlash tizimida sifat ko‘rsatkichlari asosiy talab hisoblanadi. Bundan tashqari sifatli mahsulot raqobatchilar orasida ajralib turadi va yuqori narxda sotilishi mumkin.
Mahsulot sifati qanday bo‘lishi kerak?
Birinchidan, xalqaro standartlarga mos bo‘lish talab etiladi. ISO, Global G.A.P., HACCP kabi jahon bozoriga yo‘l ochuvchi sertifikatlarga javob berishi lozim. Pestitsid qoldiqlari, nitrat miqdori, og‘ir metall va boshqa zararli moddalar xalqaro me’yorlardan oshmasligi kerak.
Ikkinchidan, mahsulot yetishtirish jarayonidan uning ekologik tozaligi ta’minlanganligi, tabiiy yetishtirish usullari, ekologik sertifikatlangan o‘g‘it va himoya vositalaridan foydalanish mahsulotning raqobatbardoshliligini oshiradi. Sababi, bugun organik mahsulotlarga talab yanada yuqori.
Uchinchidan, mahsulotlar bir xil sifatga ega bo‘lishi lozim. Har bir partiya bir xil ko‘rinish, ta’m va yetilish darajasiga ega bo‘lishi, rang, o‘lcham va shakldagi bir xillik — yirik eksport buyurtmalarida muhim mezon. Agar taklif etilayotgan mahsulot turli sifat va ko‘rinishda bo‘lsa ishochsizlik yuzaga kelishehtimoli yuqori.
To‘trinchidan esa eksportga yo‘naltiriladigan mahsulotlar uzoq yo‘l bosishini hisobga olish lozim. Ya’ni, hosil yig‘im-terimi to‘g‘ri texnologiyalar asosida amalga oshirilishi kerak. Sovutish, qadoqlash va transportda sifatni saqlab qolish imkoniyati bo‘lishi shart.
Sifatni ta’minlashda nima zarur?
Qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini modernizatsiya qilish, dehqon va fermerlarni sifat standartlari bo‘yicha o‘qitish, mahsulot yetishtirishdan tortib qadoqlashgacha bo‘lgan zanjirni nazorat qilish, laboratoriya tekshiruvlarini muntazam o‘tkazish, brend imidjini himoya qilish uchun sifatdan chekinmaslik – bu sifatni doimiy bir xil saqlashda muhim jihatlardan hisoblanadi.
Qadoq — mahsulotning yuzi.
Milliy brend yaratishda qadoq — birinchi taassurotini shakllantiradigan eng muhim elementlardan biri. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun ham bu jihat juda katta ahamiyatga ega, chunki xalqaro bozorda xaridor mahsulotni avvalo tashqi ko‘rinishidan baholaydi.
Qadoqdagi dizayn, rang, logotip va yozuvlar mahsulotni boshqa raqobatchilardan ajratib turadi. Xaridor mahsulotni ochmasdan turib, uning sifati va qadrini qadoqqa qarab baholaydi. Qadoqda mahsulot kelib chiqishi, ishlab chiqarish usuli, ekologik tozaligi haqida ma’lumot berish mumkin. Bu unga bo‘lgan qiziqishni orttirishga xizmat qiladi. Chiroyli va professional qadoq mahsulotning qo‘shimcha qiymatini oshirib, uni yuqori narxda sotishga yordam beradi.
Qadoqning amaliy ahamiyati.
Qadoq tashish, saqlash va yetkazib berish jarayonida mahsulotni shikastlanishdan, ifloslanishdan va namlikdan himoya qiladi. Maxsus qadoqlash texnologiyalari (vakuum, modifikatsiyalangan atmosfera) mahsulotning yangiligini uzoqroq saqlaydi. Standart o‘lchamdagi qadoqlar transport va omborlashda joyni tejaydi. Xalqaro savdoda qadoq tarkibi, yorlig‘idagi ma’lumotlar va belgilar eksportchi uchun muhim talab hisoblanadi.