Bosh sahifa/Yangiliklar

Misr va O‘zbekistonning Qishloq xo'jaligi yo'nalishidagi hamkorligining yangi boqichi sari yana bir qadam

02.03.2026, 17:20

Misr va O‘zbekistonning Qishloq xo'jaligi yo'nalishidagi hamkorligining yangi boqichi sari yana bir qadam

3-5-fevral kunlari Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatini rivojlantirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha kengash raisi S. Annaklichev, “Turonbank” ATB raisi Ch. Mirzayev, “Uzagrostar Xolding” direktori F. Muxiddinov hamda “Bulung‘ur – Agro Star” direktori M. Bozorboyev ishtirokida Misrga xizmat safari tashkil etildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi mamalaktimizning Qohiradagi elchisi Mansur Qilichev bilan biragalikda Misrda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida amalga oshirilayotgan yirik loyihalar bilan tanishdi, tizimli va doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida bir nechta manfaatli hujjatlar imzonaldi.

Dastlab, “EFC Plants Tissue Culture S.A.E.” kompaniyasi ijrochi direktori M. Salama bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Unga ko‘ra O‘zbekistonda kartoshka urug‘chiligi va mahsulot yetishtirishni rivojlantirish bo‘yicha turli yo‘nalishlarda hamkorlik qilish nazarda tutilgan.

Keyingi bosqichda “Bulung‘ur Agro-Star” ixtisoslashgan kompaniyasi, “EFC Plants Tissue Culture S.A.E.” kompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasining Misr Arab Respublikasidagi elchixonasi hamda Misr Arab Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazligi o‘rtasida kartoshka mini-tuganaklarini yetkazib berish va yetishtirish bo‘yicha O‘zaro hamkorlik shartnomasi imzolandi.

Mazkur hujjatga muvofiq Misr kompaniyasi “Hermes” navli G0 avlodiga mansub 250 ming dona kartoshka mini-tuganaklarini O‘zbekistonga yetkazib beradi.

Shuningdek, loyihaga mas'ul sifatida Misr kompaniyasining ilg‘or mutaxassislari O‘zbekistonga yuboriladi. Ular Samarqandda urug‘ yetishtirish, yer tayyorlash, ekish va hosilni yig‘ish jarayonlarida bevosita ishtirok etib, o‘z taklif va tafsiyalarini berib boradi. Qolaversa, sug‘orish va o‘g‘itlash dasturlarini ishlab chiqadi.

Ma’lumot uchun: G0 avlodi — laboratoriya sharoitida viruslardan xoli holda yetishtiriladigan eng toza urug‘ avlodi hisoblanadi.

Yana bir muhim kelishuv – Misr qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari markazi direktori A.Abdelazeem bilan O‘zaro anglashuv memorandumini ham imzoladi.

U quyidagi yo‘nalishlarda hamkorlikni ko‘zda tutadi:
— Kartoshka ishlab chiqarish va urug‘chiligini rivojlantirish
— Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va organik o‘g‘itlardan foydalanishni kengaytirish
— Noyob ekin navlarini ishlab chiqish, ro‘yxatdan o‘tkazish va tarqatish
— Xurmo daraxti yetishtirish va xurmo ishlab chiqarish bo‘yicha Misr tajribasini O‘zbekistonda qo‘llash
— Chorvachilikda naslni yaxshilash va ilmiy-amaliy tajriba almashish.

O‘zbekiston delegatsiyasi Misrda amalga oshirilayotgan yirik agro-sanoat loyihasi — “Mustaqbal Misr” (Egypt’s Future) kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi.

Qohiradagi uchrashuvda yer osti suvlaridan samarali foydalanish va zamonaviy agroloyihalarni amalga oshirish tajribalari namoyish etildi.

Delegatsiya “Yangi Delta“ hududidagi yirik loyihalar bilan tanishib, amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami, rejalashtirish darajasi va ularning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi ahamiyatini yuqori baholadi.

“Mustaqbal Misr” loyihasi mamlakat shimoli-g‘arbidagi "Yangi delta" hududida yangi qishloq xo‘jaligi va sanoat markazini barpo etishni maqsad qilgan. U transport va logistika markazlariga yaqinligi tufayli eksport va ishlab chiqarishda muhim strategik ahamiyatga ega.

MAFA (Magrabi Agriculture) kompaniyasi bilan olib borilgan muzokaralar ham muvaffaqiyatli yakunlandi.

Uchrashuv davomida “Toshkent – Agro Star” bazasida qulupnay plantatsiyasini tashkil etish, xorijiy kompaniyaning ilg‘or agronomlarini O‘zbekistonga olib kelish va tajriba almashish borasida kelishuvga erishildi.

MAFA — Misrning yirik qishloq xoʻjalik kompaniyasidir. Uning asosiy faoliyati — mevalar va sabzavotlar yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilish. Kompaniya mahsulotlarini 55 dan ortiq mamlakatga eksport qiladi.