Bosh sahifa/Yangiliklar

Qishloq xo‘jaligining zamonaviy kelajagi sari muhim qadam

02.03.2026, 16:17

Qishloq xo‘jaligining zamonaviy kelajagi sari muhim qadam

Bugun qishloq xo‘jaligi endi faqat daladagi mehnat bilan cheklanmaydi – u innovatsiya, texnologiya va yangi g‘oyalar bilan uyg‘unlashib, zamonaviy agroindustriyaga aylanmoqda. Bugungi kunga moslashish, mavjud imkoniyatdan samarali va oqilona foydalanish nafaqat hosildorlikni oshiradi, balki mahallalarda barqaror daromad, yangi ish o‘rinlari va milliy brendlar paydo bo‘lishiga ham zamin yaratadi.

Davlatimiz rahbarining 2025-yil 14-fevraldagi “Tomorqa yer egalari va dehqon xoʻjaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilish va moliyaviy qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni va “Uzagrostar xolding” kompaniyasi faoliyatini tashkil etish haqida”gi qarori ana shu yoʻnalishda qilinayotgan ishlarni yangi bosqichga koʻtardi.

“Agro Star” loyihalari orqali issiqxonalar, agrokomplekslar va ekologik toza usullar joriy etilib, tomorqa yer egalari hamda dehqon xo‘jaliklari uchun mutlaqo yangi imkoniyatlar yaratilmoqda.  

Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatini rivojlantirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha kengash raisi S. Annaklichev va "Uzagrostar xolding" kompaniyasi bo‘lim boshlig‘i B. Yusupxanov       amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Dastlabgi manzil esa Andijon viloyati. 

"Asaka – Agro Star" ixtisoslashgan kompaniyasi tomonidan “Fayzobod” MFY hududidagi 3 gektar yer maydonida zamonaviy issiqxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu orqali 15 nafar fuqaro rasmiy ish joyiga va barqaror daromadga ega bo‘ldi. Issiqxonaning 0,7 gektar qismida sabzavot koʻchatlari, 2,3 gektar qismida esa poliz ekinlari yetishtiriladi.

Mahalliy chirindilar o‘rniga tarkibida hech qanday zararli vositalar bo‘lmagan torf, perlit va vermikulit aralashmalaridan foydalaniladi. Natijada sabzavot koʻchatlari yetishtirish muddati 60–65 kundan 30–35 kunga qisqardi. Bundan tashqari, ekologik toza, kasallik va zararkulandalardan holi koʻchatlar yetishtiriladi.

Maxsus kassetalarga urug‘ ekuvchi zamonaviy texnologiyadan foydalanilmoqda. Mazkur uskuna maxsus kassetalarga 1 soatda o‘rtacha 30 mingta urug‘ ekadi. Qo‘l mehnatidan foydalanilganda esa 1 kishi 400 tagacha urug‘ ekishi mumkin xolos.

Shundan so‘ng, Farg‘ona viloyatidagi agrostarlar lohihalari ham ko‘zdan kechirildi. Davlatimiz Rahbari tomonidan berilgan topshiriqlarni o’z vaqtida va sifatli bajarish maqsadida ishlarni yanada jadallashtirish, aholi manfaatiga qaratilgan loyihalarni ko‘paytirish lozimligi ta’kidlandi.

Prezidentimizning qaroriga muvofiq “Uzagrostar xolding” muassisligida Farg‘ona viloyatiga uchta ixtisoslashgan kompaniya tashkil etilgan. 

“Oltiariq – Agro Star” tomonidan “Zilol” MFY hududidagi qariyb 5 gektar yer maydonida agrokompleks tashkil etilmoqda. Unda uzum, meva va sabzavotlarni yetishtirish, saqlash, qayta ishlash hamda yetkazib berish zanjiri yaratiladi. Majmua “Uzumchilik maktabi”, fitosanitariya laboratoriyasi, ilmiy tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda yangi navdagi uzum ko‘chatlarini yetishtirish uchun issiqxona, 2 ming tonna sig‘imli muzlatkichli omborxona, uzum plantatsiyasi, tomchilab sug‘orish tizimi va 300 kVtli quyosh panellarini o‘z ichiga oladi.

Quva tumanining asosiy drayveri – gulchilik va mevachilik hisoblanadi. Hududdagi mahallalarda ixtisoslashuvni yanada chuqurlashtirish maqsadida “Quva – Agro Star” ixtisoslashgan kompaniyasi tomonidan aholiga yengil konstruksiyali zamonaviy gul va meva do‘konlari qurib berish loyihasi ishlab chiqildi. Namuna tariqasida "Farg‘ona – Andijon" magistral yo‘li yoqasida gulchilik bilan shug‘ullanuvchi bir nechta xonadonga do‘kon qurib berildi.

Bundan tashqari, ixtisoslashgan kompaniya tomonidan agrokompleks loyihasini ishga tushirish, ko‘chatchilik, milliy brend yaratish va eksport yo‘nalishida samarali ishlar olib borilmoqda.

Farg‘ona tumani “Sharq Haqiqati” mahallasi hududida "Farg‘ona – Agro Star" ixtisoslashgan kompaniyasi tomonidan tashkil etilayotgan agrokompleks orqali 50 ta doimiy va 100 ta mavsumiy yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. 10 dan ziyod mahallalardagi tadbirkorlar esa o‘z mahsulotlarini sifatli qayta ishlash, qadoqlash va eksportga yo‘naltirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Shuningdek, aholiga imtiyozli shartlar asosida danak chaqish hamda quritish zamonaviy uskunalarni o‘rnatib berish ham yo‘lga qo‘yilgan.  

Navbatdagi manzil Surxondaryo viloyati. Mazkur hududda ham uchta ixtisoslashgan kompaniya faoliyat yuritmoqda.

"Uzun – Agro Star" tomonidan 2 gektar maydonda zamonaviy agrokompleks loyihasi amalga oshirilmoqda. U 840 tonna sig‘imga ega muzlatkich, 1000 tonna sig‘imga ega omborxona, laboratoriya, mevani qayta ishlash, saralash va qadoqlash loyihasi hamda tajriba maydonchasini o‘z ichiga oladi. Loyiha doirasida jami 150 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi.

"Yangi kuch" MFY hududida "Xonadon maktabi" tashkil etildi. Unda joriy yil yakuniga qadar 51 ta mahalladagi 500 nafar soha vakiliga zamonaviy bilimlar beriladi.