Kartoshka urug‘chiligi bo‘yicha ishonchli hamkorlik
24.10.2025, 17:19

“Bulungʻur – Agro Star” ixtisoslashgan kompaniyasi hamda Niderlandiyaning “Agriko Co LTD” kompaniyasi o‘rtasida shartnoma imzolandi.
Loyiha doirasida 6 ming tonna sertifikatlangan kartoshkaning elita urugʻlari olib kelinib, aholiga, fermerlarga, tomorqa egalari va dehqon xo‘jaliklariga ustamasiz narxlarda yetkazib beriladi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 8-sentyabrdagi “Respublikada kartoshka yetishtirishni koʻpaytirish va urugʻchiligini yanada rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida bu bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab berilgan.
“Kartoshka urug‘larini yetkazib berish ikki mavsumda amalga oshiriladi. 2 ming tonnasi bahorgi ekish uchun, 4 ming tonnasi esa ikkinchi hosil uchun yetkaziladi”, – deydi “Agriko Co LTD” kompaniyasining Markaziy osiyo va Kavkaz bo‘yicha direktori Feruza Tatibayeva.
Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan yilning o‘zida O‘zbekistonga turli davlatlardan 700 ming tonna kartoshka import qilingan.
“Uzagrostar xolding” kompaniyasi tomonidan keyingi yillarda kartoshka importini bosqichma-bosqich kamaytirish, mahalliy urug‘chilik tizimini rivojlantirish, hosildor navlarni kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.